Home / MAQOLALAR / IBN NADIMNING “FIHRIST” ASARIDA ILK KUTUBXONALARGA OID MAʼLUMOTLAR

IBN NADIMNING “FIHRIST” ASARIDA ILK KUTUBXONALARGA OID MAʼLUMOTLAR

Oʻrta asrlarda yashab ijod etgan va ilmlar tasnifiga oid asar yaratgan mutafakkirlardan yana biri bibliograf Ibn Nadim (X asr)dir [3:238-239]. Uning shaxsi va faoliyati haqida juda kam maʼlumot saqlanib qolgan. Ibn Nadim haqidagi dastlabki maʼlumotlarni muallifning shu kunga qadar saqlanib qolgan yagona asari – “Fihrist” [1:4] kitobidan olish mumkin. Ibn Nadimning otasi Ibn Yoqub Bagʻdodda kitob bilan savdo qilgan. U ham otasi kabi kitob bilan shugʻullanib, xat va kutubxonalar haqida maʼlumot toʻplaydi va ular asosida “Fihrist” nomli asarini yozadi [3:238].

“Baytul hikma” oʻrta asr musulmon Sharqidagi birinchi va eng mashhur hamda muhim ilmiy maktab boʻlgani sababli, unga oʻsha va keyingi davr mualliflarining deyarli barchasi murojaat qilgan. “Baytul hikma” haqida bir qator arab tilidagi asosiy manbalarda maʼlumotlar uchraydi. Ular qatorida, eng avvalo, Ibn Nadimning (vaf. 993-y.) “Al-Fihrist” asarini zikr etish kerak [1:4]. Bu asar muallifning “Baytul hikma” joylashgan shahar – Bagʻdodda ijod etgani, shu bilan birga, vaqt jihatdan ham unga yaqin davrda yaratilgani bilan ham juda muhimdir. Shuningdek, u shariatga oid asarlar haqida soʻz yuritar ekan, al-Maʼmunning “Xizanat al-hikma”-sidagiga oʻxshash qadimiy nusxadagi bir kitobni oʻqiganini ham eslaydi. Yuqoridagilarga asoslanib, Ibn Nadim “Baytul hikma”dagi nodir kitoblardan, yaʼni kutubxonadan shaxsan foydalangan, deyish mumkin [1:8].

Manbalarda keltirilishicha, mazkur kutubxonada 3 millionga yaqin Sharq qoʻlyozmasi saqlangan. Ulardan 50 mingtasi Qurʼoni karim va 80 mingtasi unga yozilgan tafsirlardan iborat boʻlgan. Kutubxonada 180 ga yaqin xodim faoliyat olib borgan. Lekin mazkur kutubxona salib yurishlari davomida vayron qilingan [5:24].

Arab xalifaligida kutubxonalarni bir yerda, aniqrogʻi, shifoxona, madrasa yoki masjidlarda jamlash holati ham boʻlgan. Bu kabi kutubxonalar qatorida Mustansiriya kutubxonasi Bagʻdoddagi al-Nuri masjidida faoliyat yuritgan [5:24].

Oʻn bobdan iborat kitobda dunyoviy ilmlar bilan birga diniy ilmlar ham joy olgan. Ibn Nadim oʻzining “Fihrist” risolasida Sharqda X asr oxirlariga qadar rivojlangan turli fan sohalari va ijodkorlari haqidagi maʼlumotlarni mumkin qadar keng qamrab olishga harakat qilgan. V.Bartold taʼbiri bilan aytganda, qayd qilingan asar “islom dinining birinchi toʻrt asrlik davridagi adabiyot va turli fanlar tarixini oʻrganishda asosiy manba boʻlib qoladi” [3:239]. Bu oʻsha davrda ushbu fanlarga qiziqish va ehtiyoj qanchalik katta boʻlganiga dalil boʻla oladi.

“Fihrist”dagi maʼlumotlar asar yozilgan davrdan biroz oʻtiboq Sharq tarixchilari eʼtiborini oʻziga jalb qilgan. Ular yozgan asarlarni oʻrganish natijasida shunga ishonch hosil qilish mumkinki, Sharq tarixchilarining aksariyati Ibn Nadim va uning “Fihrist” asari bilan tanish boʻlgan. Bu olimlar xalqasi uncha katta emas. Shu sababdan ularni sanab oʻtish ham mumkin: Yoqut Hamaviy, Ibn Hallikon, Zahabiy, Ibn Qutlubugʻa, Hoji Xalifa va boshqalar. “Fihrist”ni oʻrganish davrining ilk bosqichlarida I.Xottinger va A.Silvestr de Sazi jonbozlik koʻrsatgan. Keyinchalik u matn ustida B.Doja va R.Tajuddin kabi olimlar tadqiqot olib borgan. Eng katta yutuq Flyugel va R.Tajuddinning “Fihrist”ni nashrga tayyorlaganidir. Bu nashrdan keyin tadqiqotchilar mazkur asardan keng foydalanish imkoniga ega boʻldi. Ulardan biri V.Polosin boʻlib, uning “Fihrist” haqida bir qator maqolalari va maxsus tadqiqoti mavjud [4].

Ibn Nadimning “Fihrist” asarida [4] VIII-IX asrlarda barcha ilmlar, qamrab olgan sohasiga qarab, ikkiga – “ulum al-qadimiyya” – “anʼanaviy ilmlar” va ajam xalqlaridan oʻzlashtirilgan riyoziyot, mantiq, hisob, handasa va boshqa ilmlardan iborat boʻlgan “ulum al-ajam” – “arablarniki boʻlmagan ilmlar”ga boʻlingan [2:63]. Bunda birinchi qismga islom dini hamda arab madaniyatiga xos boʻlgan (arab tili, sheʼriyat va aruz, arablarning islomdan avvalgi va islom davri tarixi) ilmlar kiritilgan. Ikkinchi qism esa aniq va tabiiy fanlarni oʻz ichiga olgan.

“Fihrist” (“Roʻyxat”)da arab va arab boʻlmagan barcha xalqlarning arab tili va yozuvida fanning turli sohalari boʻyicha yozilgan kitoblari haqida toʻliq maʼlumot berilgan. Unda mualliflar, ularning nisba va unvonlari, tugʻilgan yili, faoliyati, vafot etgan vaqti, yashagan joyi va har bir fanning shakllanishdan boshlab, to muallifning oʻzi yashagan davrgacha boʻlgan tarix, yaʼni 377/987-yil haqidagi maʼlumotlar aks etgan” [3:238].

Ibn Nadimning “Fihrist” asarida IX asr astronomi Abu Maʼshar Jaʼfar ibn Muhammad ibn Umar Balxiyning (vaf. 886-y.) bugungi kunga qadar yetib kelmagan nomaʼlum kitobidan parcha keltiriladi. Unda Erondagi ilk oʻrta asr kutubxonasi toʻgʻrisidagi qimmatli maʼlumotlar mavjud. Parchada aytilishicha, X asr oʻrtalarida Isfahon yaqinidagi Jey shaharchasida, chamasi arablarning Eronga qilgan hujumi arafasida yoki bu hujum vaqtida (yaʼni 651-yil) oʻrab, suvab tashlangan kutubxona topilgan. Kutubxonada oq terak poʻstlogʻiga yozilgan koʻpgina qadimgi kitoblar boʻlib, ular oʻtgan ajdodlar davridagi ilmlarning barcha tarmoqlarini qamrab olgan va qadimgi fors yozuvida (aftidan, oʻrta fors yozuvi) bilan yozilgan [1:577].

“Fihrist” muallifi oʻzining nufuzli zamondoshi fikrlariga tayanib, uning bir hikoyasini keltiradi. Unga koʻra, 961-yilda oʻsha shaharchadagi boshqa bir binoning yertoʻlasidan boshqa kitoblar kolleksiyasi topiladi. Bu kitoblar ham suvab yuborilgan boʻlib, oshlangan va maxsus tayyorlangan teri varaqlariga yozilgan edi. Lekin ularni qanday oʻqishni hech kim bilmasdi [1:577]. Ibn Nadim “Fihrist” asarida xabar berishicha, 951-yilda Eron hukmdorlari Muayid va Rukn ad-Davlaning vaziri boʻlib xizmat qilgan Abu Fadl ibn Amid (vaf. 971-y.) Isfahondan yunon tilida yozilgan kitoblarni topgan. Ular maxsus qutilarga solinib, bino devori orasiga joylashtirilgan edi va bu kitoblarni Amid Bagʻdodga yuborgan. Bu yerda yunon tilini yaxshi bilgan Yuhanno Keys va boshqalar mazkur kitoblarni arab tiliga tarjima qilgan. Keyinchalik bu kutubxonadagi ayrim kitoblarni Ibn Nadim oʻz ustozi, shayx va olim Abu Sulaymon Muhammad ibn Bahrom (vaf. 986-y.)nikida koʻrgan. Kitobat madaniyati tarixchisi O.Yazberdiyev devorlar orasiga qoʻyib, suvab yuborilgan kutubxonalarda oʻrta eron tilida yozilgan kitoblar bilan bir qatorda, yunon tilidagi kitoblar ham borligiga alohida eʼtibor berib, ularning sosoniylar davrida koʻchirilgani katta ahamiyatga ega boʻlgani haqida aytib oʻtgan. Shuningdek, u “bu kitoblar zardushtiylar manbalarida dastlabki sosoniy shohlar chet mamlakatlardan kitoblar toʻplagani haqidagi axborotning toʻgʻriligini tasdiqlovchi omil boʻlib xizmat qilishi mumkin. Bu xildagi maʼlumotlar sosoniylar davrida koʻp miqdorda kitoblar mavjud boʻlganiga shubha qoldirmaydi”, deb taʼkidlaydi (Sosoniylar davridagi devorlar orasiga qoʻyib suvab yuborilgan kutubxonalar haqidagi maʼlumotlarni biz O.Yazberdiyevning quyidagi kitoblaridan olingan maʼlumotlar asosida tuzdik: Истоки письменной традиции и книжного дела в Средней Азии (историографический обзор). Библиотечно-библиографическое и книжное дело в Туркменистане: Сб. статей. – Ашхабад, 1988. – С.66; Хосров I Великий и книжное дело в Иране и Средней Азии в VI в. // Известия АН ТССР. Серия общественных наук. – 1989. №5. – С.28. Keltirilgan faktlarga quyidagi manbadan batafsilroq qarang: The Fixrist of an-Nadim. Vol. II. – S.575-579, 958, 1041-1042, 1128.).

 FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: 
  1. The Fihrist of al-Nadim, a tenth century survey of Muslim culture. Ed. B. Dodge. Vols. 1-2. – New-York-London, 1970.
  2. Baxodirov R.M. Abu Abdalloh al-Xorezmi va ilmlar tasnifi tarixidan. – T., 1995.
  3. Крачковский И.Ю. Избранные сочинения. Т.IV. – М., Л., 1957.
  4. PПолосин В.В. “Фихрист” Ибн ан-Надима как историко-культурный памятник Х века. – Москва: Наука, 1989.
  5. Рубанова Т.Д. История библиотечного дела: Древний мир – Средние века – эпоха просвещения: Учеб. пособие/ ЧГАКИ. – Челябинск, 2003.
SHOVOSIL ZIYODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, professor

Check Also

NOGIRONLIGI BOR (IMKONIYATI CHEKLANGAN) ROVIYLAR

Insoniyatning paydo boʻlishidan buyon hayotning bir haqiqati sifatida mavjud boʻlgan nogironlik holati ayrim eʼtiqod va …